Andijon davlat tibbiyot instituti

Andijon davlat tibbiyot instituti

Andijon davlat tibbiyot instituti 1955-yilning 2-avgustida tashkil topgan bo‘lib, uning salohiyati va nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda. Hozir oliy malakali shifokorlar tayyorlash bo‘yicha institutning respublikada alohida o‘rni bor.

Bugungi kunda institutda 35 nafar fan doktori, professorlar, 131 nafar fan nomzodi, dotsentlar faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Institut qoshida O‘zbekistonda birinchilar qatorida telemarkaz tashkil etildi va bu markaz orqali yaqin va uzoq xorijiy davlat oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-davolash markazlari bilan telemuloqotlar o‘rnatish imkoniyati yaratildi. Yirik ilmiy markazlar – Bakulev nomidagi Yurak-qon tomir jarrohligi va Burdenko nomli Neyrojarrohlik ilmiy-tekshirish instituti, Rossiya onkologiya ilmiy markazi, Volgograd tibbiyot akademiyasi va Germaniyaning onkologiya, urologiya markaziy klinikalari shifokor-olimlari bilan o‘tkazilgan telemuloqotlar fikrimizning isbotidir.

Bugungi kunda institutda davolash, pediatriya, stomatologiya va vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakultetlari hamda davolash ishi, pediatriya ishi, kasb ta’limi (davolash ishi), oliy hamshiralik ishi, stomatologiya, farmatsiya va tibbiy profilaktika ishi ta’lim yo‘nalishlari mavjud.

Kafedralar zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Ular institutning asosiy binosi, institut klinikasi va viloyat sog‘liqni saqlash muassasalaridagi o‘quv bazalarida joylashgan.

Ta’lim olayotgan talabalar soni davolash fakultetida 1333 nafarni, pediatriya fakultetida 1009 nafarni, stomatologiya fakultetida 358 nafarni, kasb ta’limi (davolash ishi) yo‘nalishida 175 nafarni, oliy hamshiralik ishi yo‘nalishida 118 nafarni, tibbiy profilaktika ishi yo‘nalishida 71 nafarni va farmatsiya yo‘nalishida 49 nafarni tashkil etadi.

Institutda akusherlik va ginekologiya, terapiya, otorinolaringologiya, kardiologiya, oftalmologiya, yuqumli kasalliklar, dermatovenerologiya, nevrologiya, umumiy onkologiya, jarrohlik, tashxisning instrumental va funksional usullari, neyroxirurgiya, sog‘liqni saqlashni boshqarish, urologiya, morfologiya, narkologiya, travmatologiya va ortopediya, sud tibbiyoti ekspertizasi, sport tibbiyoti, pediatriya, bolalar jarrohligi, bolalar anesteziologiyasi va reanimatologiyasi, bolalar kardiologiyasi va revmatologiyasi, bolalar nevrologiyasi hamda nenatologiya mutaxassisliklari bo‘yicha 243 nafar magistrlar tayyorlanmoqda.

Axborot resurs markazidagi kitob fondida 286000 nomdan ortiq o‘quv va badiiy adabiyotlar jamlangan. Tibbiyotning eng yangi g‘oya va yangiliklari haqida axborot beruvchi elektron kutubxona faoliyat olib bormoqda.

Institutning markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida zamonaviy immunologik tekshirishlar va tadqiqotlar olib borilmoqda. Eksperimentlar o‘tkazish uchun vivariy mavjud.

700 o‘rinli institut klinikasi mavjud bo‘lib, MRT, doppler, skaner, endoskop kabi zamonaviy diagnostika jihozlari bilan ta’minlangan. Institutda Vertebrologiya,  kardioxirurgiya markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Klinikaning operatsiya zali, klinik bazalar va tug‘ruq majmualari zamonaviy distansion ta’lim tizimlari bilan jihozlangan.

Operatsiya jarayonlari videokamera orqali o‘quv auditoriyalari va ma’ruzalar zallarida teleekranga uzatiladi. Talabalar amaliy o‘quv jarayonlarida o‘tkazilayotgan operatsiyalarni muhokama qilishlari va jarrohga o‘zlarini qiziqtirgan masalalari bo‘yicha savollar berish imkoniyatiga egadirlar. Operatsiya jarayoni videokassetalarga ko‘chirilib, keyingi mashg‘ulotlarda tahlil qilinadi.

 

FAKULTETLAR

Davolash fakulteti

Pediatriya fakulteti

Stomatologiya fakulteti

Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash

Manzili

Andijon sh.,Yu.Otabekov 1-uy