O‘zbekiston davlat konservatoriyasi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi

1936-yilda tashkil topgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Markaziy Osiyoda ilk tashkil etilgan va musiqa san’ati sohasida professional mutaxassislarni tayyorlaydigan yagona, eng keksa Oliy musiqiy ta’lim muassasalaridan biridir.

O‘zbekistonda konservatoriyaning tashkil topishi, shak-shubhasiz, musiqa va madaniy hayotning o‘sishida murakkab yo‘lni bosib o‘tishi bilan izohlanadi. XIX asrning oxirlarida madaniy-ma’rifiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lgan jadidchilar jahon madaniyati yutuqlarini o‘lkamizga olib kirishga ulkan hissa qo‘shdilar.

O‘sha vaqtlarda Turkiston o‘lkasiga Y.Zalesskaya, V.Buyukli, F.Saregradskiy, N. Karseva, M. Kolpakova, M.Felitsiant kabi mashhur pianinochilar tashrif buyurishib, Toshkent, Samarqand, Qo‘qon, Namangan, Farg‘ona kabi shaharlarda o‘z konsertlari bilan chiqishlar qilib, katta yutuqlarga erishdilar.

1884-yili Toshkentda musiqachilar jamiyati tashkil topgan bo‘lib, unga A.Donish, K.Xorazmiy, S.Abdug‘afforov, Z.Furqat, A.Eyhgorn, F.Leysek, N.Mironov, V.Mixalek va boshqalar a’zo bo‘lishgan. Aynan ular keyinchalik Sharq musiqa an’analarini tadqiq qiladigan ilk musiqachilar va musiqashunos pedagoglarni tashkil etgan.

1918-yili Toshkentda Turkiston xalq konservatoriyasi tashkil etilib, keyinchalik ba’zi viloyat va shaharlarda uning bo‘limlari ish boshlaydi. Chunonchi, 1921-yili Buxoroda Sharq musiqa maktabi, 1934-yili esa Toshkentda Oliy musiqa maktabi (hozirda V.Uspenskiy nomli ixtisoslashgan musiqa litseyi) faoliyat yurita boshlaydi.

Konservatoriya musiqiy hayotida o‘quv jarayoni bilan birga ijodiy ishlar muhim ahamiyat kasb etadi. Konservatoriyada kamer orkestri, musiqali teatr studiyasi, talabalar kamer orkestri, milliy, damli va estrada cholg‘ulari, xor jamoalari, torli kvartetlar faoliyatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirda konservatoriya O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan 26 davlat elchixonalari, Xalqaro Konrad Adenaura fondi, Vladimir Spivakov nomidagi xayriya fondi, 10 nafar xorijiy davlatlar do‘stlik jamiyati bilan doimiy hamkorlik qilmoqda.

So‘nggi yillarda yirik madaniy aloqalar orasida ta’lim muassasasini ovoz akustik jihozlar va musiqiy cholg‘ulari bilan ta’minlash bo‘yicha Yaponiya hukumati granti, Shveytsariya, Rossiya davlatlari elchixonalari grantlari, “Ochiq jamiyat” Xalqaro fondining jamoamiz tomonidan nashr etilgan o‘quv qo‘llanmalariga ajratilgan grantlari, Germaniya, Fransiya, Rossiya davlatlarining konservatoriya jamoasi tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro musiqa festivallari va ilmiy konferensiyalari uchun ajratilgan grantlar konservatoriyada e’tiborga loyiq ishlarning amalga oshirilayotganini isbotlab turibdi.

FAKULTETLAR

O’zbek musiqa ijrochiligi fakulteti

Musiqa san’ati fakulteti

Akademik ijrochilik fakulteti

Estrada san’ati fakulteti

Musiqiy pedagogika fakulteti

Malaka oshirish va qayta tayyorlash fakulteti

Manzili

100027, Toshkent sh, Shayxontohur tumani, Olmazor ko‘chasi 1